Maktablarda yuqori internet tezligiga ega tarif rejalari joriy etiladi

2024 yil 1-yanvarga qadar maktablar uchun yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan yangi tarif rejasi ishlab chiqiladi.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Maktablarda yuqori internet tezligiga ega tarif rejalari joriy etiladi. Buni nazarda tutuvchi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatda Raqamli texnologiyalari vazirligi 2024-yil 1-yanvarga qadar umumta’lim maktablari uchun yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan yangi tarif rejasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Bunda, ta’lim muassasalarida 400 nafargacha o‘quvchisi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan ko‘p bo‘lganlarda — kamida 100 Mbit/s bo‘ladi.
“New Education” tarif rejasining har bir tezlikdagi paketi uchun har oylik abonent to‘lovi miqdorlarini belgilash va bunda ta’lim tashkilotlari tomonidan internet xizmatlaridan tungi vaqtda foydalanilmasligi inobatga olinadi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari umumta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi internetga ulash hamda yil davomida uzluksiz ishlashi uchun zarur mablag‘larni o‘z vaqtida mahalliy budjetdan moliyalashtirib borishi ko‘zda tutilgan.