TOShKENT, 19-iyul – Sputnik. O‘zbekistonga amalda kelmagan o‘qituvchilar uchun pul o‘zlashtirgan mansabdorlar aniqlandi. Bu haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkentdagi A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Institut tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Zo‘r” (“Klass”) loyihasi doirasida 2021-2022 o‘quv yili uchun hududlardagi maktab o‘quvchilariga rus tilini o‘rgatish maqsadida 150 nafar rossiyalik mutaxassis tashrifi rejalashtirilgan.
"Ularning uy ijarasi uchun “Araks Trade Business” MChJ bilan 8 mlrd 473,4 mln so‘mlik shartnoma imzolangan va shartnoma kospleks ekspertizadan o‘tkazilmagan", - deyiladi xabarda.
Aniqlanishicha, shartnomaga muvofiq, 149 ta uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqiqatda sarflangan mablag‘lardan kelib chiqib, institut tomonidan xarajat qilingan summa 4 mlrd 858 mln so‘mni tashkil etgan.
Biroq 2021-yil sentabr — 2022-yil iyun oylarida Rossiyadan amalda kelmagan 31 nafar o‘qituvchiga 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569,4 mln so‘m ortiqcha pul to‘langan.
Shuningdek, uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 4 mlrd 858 mln so‘m to‘lanishi lozim bo‘lsa-da, institut tomonidan 7 mlrd 052 mln so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi hisobiga jamiyatga 2 mlrd 194,2 mln so‘m mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgan va bu mablag‘ keyinchalik o‘zlashtirilgan.
Hozirda jamiyat mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozir sud bo‘lib o‘tmoqda.