Transafg‘on temir yo‘l liniyasi qurilishi bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi ko‘rib chiqildi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" delegatsiyasi Pokiston va Afg‘oniston temir yo‘l ma’muriyatlari bilan birgalikda Transafg‘on temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichini o‘tkazmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Transafg‘on temir yo‘l liniyasi qurilishi bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi o‘tkazilmoqda. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" xabar berdi.
Ayni vaqtda "O‘zbekiston temir yo‘llari" delegatsiyasi Pokiston va Afg‘oniston temir yo‘l ma’muriyatlari bilan birgalikda Transafg‘on temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichini o‘tkazmoqda.
“Joriy muzokaralarda delegatsiyalar loyihaning turli jihatlarini, jumladan, moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini muhokama qilmoqda. Uchala tomon ham ushbu loyihaga yuqori qiziqish bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor. Muhim loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon beradigan maqbul echimlarni topishga har bir tomon intilinmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu loyiha O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Transafg‘on temir yo‘l liniyasi mintaqada transport hamkorligi va rivojlanishi uchun yangi istiqbollarni ochadigan keng ko‘lamli loyihadir. Afg‘oniston hududi orqali O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yilib, yanada samarali savdo munosabatlarni va logistikani ta’minlanadi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.