O‘zbekiston kibersport terma jamoasi CS:GO bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempioni bo‘ldi — video

Saudiya Arabistonida o‘tgan musobaqaning Grand finalida o‘zbekistonlik kibersportchilar Mo‘g‘ulistonga qarshi bahs yuritdi va g‘alaba qozondi.
Sputnik
TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. O‘zbekiston kibersport terma jamoasi CS:GO bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempioni bo‘ldi. Bu haqda Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabar berdi.
Saudiya Arabistonida o‘tgan kibersportning Counter-Strike: Global Offensive (CS:GO) turi bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Musobaqada O‘zbekiston sharafini TT.Team (Traffic Tashkent Team) jamoasi himoya qildi. Grand finalda o‘zbekistonlik kibersportchilar Mo‘g‘ulistonga qarshi bahs yuritdi va g‘alaba qozondi.
Ushbu g‘alaba jamoaga Jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi. Uchinchi o‘rinni Indoneziya jamoasi qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 12,5 ming dollarni tashkil etadi. 1-o‘rin uchun o‘zbekistonlik sportchilarga 7 ming dollar topshirildi.