Zoyir Mirzayev Bo‘stonliq tumani uchun 31 mlrd so‘m ajratdi — u nimalarga sarflanadi?

Toshkent viloyati hokimi tumandagi bir qator mahallalar uchun jami 31 mlrd 180 mln so‘m pul mablag‘lari ajratdi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 31 mlrddan ortiq mablag‘lar ajratildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning tashabbusi bilan tumandagi bir qator mahallalarda amalga oshiriladigan ishlar uchun jami 31 mlrd 180 mln so‘m pul mablag‘lari yo‘naltirilmoqda.
Mablag‘ quyilagilarga sarflanadi:
ichimlik suvi va ichki yo‘llarni ta’mirlash;
yangi elektr energiyasi tarmoqlarini tortish;
yangi transformator punktini qurish.
Qayd etilishicha, mablag‘ning 21,5 mlrd so‘mi 40 km ichki yo‘llarni ta’mirlashga (asfaltlashtirish) sarflanadi.
Shuningdek, 2,1 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘ini tortishga 5,0 mlrd so‘m hamda 31,3 km elektr tarmog‘ini tortish va 16 dona transformator punktini qurishga 4,6 mlrd so‘m ishlatiladi.