TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Toshkent shahar hokimligi “Paxtakor” futbol klubiga 7 mlrd so‘m ajratdi. Bu haqda hokimning 433-14-0-Q23 sonli qarori qabul qilindi.
Aytilishicha, Toshkent shahar hokimligi “Paxtakor” FK MChJning ta’sischisi va bosh homiysi hisoblanadi. Bu esa klubning xarajatlari asosan shahar hokimligi mahalliy budjet daromadlarining orttirilgan qismidan qoplab berilishini anglatadi.
“Paxtakor” FK MChJ rahbariyatinning Toshkent shahar hokimligiga 13-iyul kuni yuborilgan xatida 2023-yilning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlar va o‘yin o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun klubga 7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi so‘ralgan”, deyiladi xabarda.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori bilan klub faoliyati uchun zarur mablag‘ ajratilgan.
Xabarda bu mablag‘ futbolni rivojlantirishga qaratilganligi, uni kimgadir tegishli tizimni moliyalashtirish degan talqin noo‘rin ekanligi aytilgan.
Ayni kunda “Paxtakor” FK MChJda 334 nafar xodimi bor. Ularning 200 ga yaqini sportchilar bo‘lib, bular – asosiy tarkib, ayollar, yoshlar, futzal hamda ularning turli yoshdagi jamoalari hamda murabbiylardir.
Jamiyatning qolgan a’zolari esa OFK va O‘FA reglamenti asosida ishlovchi xizmatchilardir. “Paxtakor” FKning akademiyasida esa 300 dan ortiq yoshlar ta’lim olayotgan bo‘lib, ularning murabbiylari ham MChJ xodimlari sanaladi.
Ushbu jamoaning mehnat haqi, balansdagi 2 ta baza, 8 ta stadionni saqlash, futbolchilarni vitaminlar bilan ta’minlash, zarur texnik jihozlar xaridi, viloyatlardagi va chet ellardagi safarlar xarajatlarining barchasi ta’sischi, bosh va boshqa homiylar zimmasidadir.