TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidenti guvohnomasi topshirildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bugun Oliy Majlis Senatida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti lavozimiga kirishish marosimi (inauguratsiya) bo‘lib o‘tmoqda.
Marosimda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirziyoyevga “O‘zbekiston prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida”gi guvohnomani topshirdi. Shundan so‘ng, prezident Oliy Majlis yig‘ilishida quyidagi qasamodni qabul qildi:
"O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamod qilaman".
Shavkat Mirziyoyev tantanali qasamod qilib, o‘z lavozimiga kirishdi, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi.
"Menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman. Muqaddas Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman", – dedi prezident.
Shuningdek, u "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilaman", deya qo‘shimcha qildi.