TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya davomida ma’ulm qildi, deb yozmoqda davlat rahbari matubot kotibi.
Prezident xalqning yuksak ishonchi deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir fuqarodan belni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini ta’kidladi.
"Oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom ma’noda yangi davr bo‘ladi”, dedi prezident.
Prezident qayd etishicha, bugun dunyo shiddat bilan, keskin o‘zgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Ayni vaqtda oldindan tahlil qilib bo‘lmaydigan jarayonlardan iborat o‘ta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.
“Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani ham barqaror rivojlanishga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
"Biz mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olishimiz va uni qat’iy amalga oshirishimiz lozim" – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston saylangan prezidentining lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda saylovchilarning 87,05 foiz ovozini olgan Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Prezident saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi yoki qariyb 80 foizi qatnashdi.