TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Xitoy Qur’onning yoqib yuborilishini keskin qoralaydi va islomofobiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi chiqadi, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.
Chorshanba kuni ertalab Qur’on va boshqa muqaddas kitoblarning yoqib yuborilishini qoralovchi va davlatlarni bunday harakatlar aybdorlarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun qonuniy choralar ko‘rishga chaqiruvchi rezolyutsiya BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan qabul qilingandi. 47 davlatdan 12 tasi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi: Belgiya, Chexiya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Litva, Lyuksemburg, Chernogoriya, Ruminiya, Buyuk Britaniya, AQSh va Kosta-Rika.
“Xitoy ma’lum davlatda Qur’on yoqib yuborilishining takrorlanishini keskin qoralaydi”, — dedi diplomat.
Van Venbin Xitoy har doim islomofobiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “so‘z erkinligi” sivilizatsiyalar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni qo‘zg‘atish uchun bahona bo‘lmasligi kerak, turli diniy e’tiqod va tuyg‘ularni hurmat qilish zarur.
Stokgolmda Qurbon hayitini nishonlash chog‘ida Qur’onning tahqirlanishi va yoqib yuborilgani dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng rezonansga sabab bo‘ldi. Iroq Shvetsiya rasmiylaridan harakatni sodir etgan migrantni ekstraditsiya qilishni talab qildi, uni sud qilish uchun o‘nlab iroqliklar Bag‘doddagi mamlakat elchixonasi yaqinida namoyishga yig‘ildi. Voqea shuningdek, Jazoir, Afg‘oniston, Misr, Indoneziya, Livan, Suriya, Turkiya, O‘zbekiston, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abul Gayt va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jassim al- Budaive tomonidan qoralandi. Iordaniya va BAA tashqi ishlar vazirliklari Shvetsiya elchilarini chaqirib, ularga norozilik notasini taqdim etishdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hodisa ishtirokchilarining jazosiz qolishi oldindan aytib bo‘lmaydigan halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini va jahon hamjamiyati bunday noqonuniy harakatlarga qarshilik ko‘rsatishi kerakligini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Shvetsiyada Qur’oni karim yoqib yuborilganini yovuz harakat deb atadi va keskin qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yer yuzidagi millionlab insonlarning dinu diyonati, ezgu hissiyotlarini haqorat qiladigan bunday holatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Iyun oyi oxirida Putin Derbentdagi dunyodagi eng qadimgi masjidlardan biri hisoblangan Juma masjidiga tashrif buyurgandi. U yerda unga Qur’on sovg‘a qilindi. Davlat rahbari Qur’onga hurmatsizlik Rossiyada jinoyat sanalishi va mamlakatda hamisha ushbu qonunchilik qoidalariga amal qilishini aytgandi.