Samarqandda itni suvga uloqtirgan va buni tasvirga olgan shaxslar jarimaga tortildi

IIB: Itni suvga uloqtirganlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun chora ko‘rildi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Samarqandda itni suvga uloqtirgan va jarayonni tasvirga olgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (IIB) axborot xizmati boshlig‘i Jahongir Sagdullayev xabar berdi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda itni suvga uloqtirayotgan shaxslar aks etgan video tarqaldi.
Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i ma’lum qilishicha, bu huquqbuzarlarga chora ko‘rildi.

“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasida (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun chora ko‘rildi”, - deb yozdi Sagdullayev.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha (990 ming so‘mdan - 1 mln 650 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha (1 mln 650 ming so‘mdan - 3,3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.