Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro festivalda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdim etildi

“Xalqlar do‘stligi” xalqaro festivalida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Rossiyaning Novosibirsk viloyati Ordinskiy tumanida o‘tkazilgan “Xalqlar do‘stligi” xalqaro festivalida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Tadbirda Novosibirsk viloyatida joylashgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar, Sibir federal okrugi davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari hamda mintaqadagi turli millat va elat vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston Bosh konsulligi diplomatlari taqdimot davomida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning boy sayyohlik salohiyati, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlardagi tarixiy obidalar haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek, “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasining ahamiyati alohida urg‘ulandi.
Ishtirokchilarga, shuningdek, O‘zbekistonning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib to‘rt faslni qamrab oladigan turizm yo‘nalishlari, yangi foydalanishga topshirilgan mehmonxona va boshqa infratuzilma obyektlari haqida so‘zlab berildi. O‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlari, xususan o‘zbek milliy taomlari alohida ta’kidlandi.
Tadbirning madaniy qismida o‘zbek kuy-qo‘shiqlari ijro etildi.