TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Ukraina Madaniyat vazirligi politsiya ko‘magida Kiyev-Pechersk lavrasi hududidagi Ukraina pravoslav cherkovi (UPCh) ibodatxonasi binolaridagi eshik qulflarini buzmoqda. Bu haqda Pravoslav jurnalistlari ittifoqi (PJI) ma’lum qildi.
Aniqlik kiritilishicha, hozir cherkov rastasi eshigi qulfi ochilgan. Avvalroq UPCh manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Nikita Chekman Kiyev-Pechersk lavrasi hududida cherkov korpuslarini egallab olish ro‘y berayotganini ma’lum qilgan edi.
Bu ishga politsiya va maxsus bo‘linma xodimlari jalb qilingan. Politsiya ziyoratchilar uchun mo‘ljallangan ikkita mehmonxona korpusini o‘rab olgan. Ibodat qiluvchilarning cherkov dargohiga kirishiga yo‘l qo‘yishmagan.