Registon va Shohi Zinda diqqatga sazovor obyektlar butunjahon ro‘yxatiga kiritildi

Kuni kecha Samarqanddagi Registon ansamblining Ulug‘bek madrasasida “Diqqatga sazovor turistik obyektlar butunjahon ro‘yxati”ga kiritilganligi to‘g‘risida sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Samarqand viloyatidagi Registon ansambli va Shohi Zinda majmuasi “Diqqatga sazovor turistik obyektlar butunjahon ro‘yxati”ga kiritildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kuni kecha Samarqanddagi Registon ansamblining Ulug‘bek madrasasida “Diqqatga sazovor turistik obyektlar butunjahon ro‘yxati”ga kiritilganligi to‘g‘risida sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sertifikatlarni topshirish marosimida Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Vladimir Piskurev hamda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etdi.

2017 yilning 7-noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo Madaniyat, fan va ta’lim kengashining ikkinchi sessiyasida “Jamiyatlar, xalqlar va millatlarning barqaror rivojlanishi uchun turistik diqqatga sazovor joylarni rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Konvensiya qabul qilindi. Konvensiyani amalga oshirish doirasida Turizmning jozibadorligi va turizmni barqaror rivojlantirish bo‘yicha xalqaro qo‘mita tuzildi.
Xalqaro qo‘mita faoliyatining asosiy masalalaridan biri turistik diqqatga sazovor joylarni ommalashtirish, jamiyatlar, xalqlar va millatlarning barqaror rivojlanishi manfaatlari yo‘lida turistik hududlarni targ‘ib qilishdan iborat.
Muayan obyektni maxsus turistik diqqatga sazovor joylarning Jahon ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi qaror Turizmni barqaror rivojlantirish bo‘yicha xalqaro qo‘mita sessiyasi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.
Bugungi kunga qadar O‘zbekistonning 4 ta tarixiy diqqatga sazovor joylari ushbu ro‘yxatga kiritilgan.