O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

Saylovning yakuniy natijalari e’lon qilindi: Mirziyoyevning g‘alabasi tasdiqlandi

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistonda 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovining yakuniy natijalarini e’lon qildi.
Sputnik
TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida prezident saylovining yakuniy natijalari e’lon qilindi. MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev Shavkat Mirziyoyev g‘alabasini tasdiqladi.

"Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi", - deyiladi MSK xabarida.

Shuningdek, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Anvarovna Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Ilosovich Inoyatovga 4,02 foizi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevga 3,74 foizi yoqlab ovoz berilganligi bayonnomada aks ettirildi.
Xabarnomada qayd etilishiga ko‘ra, prezidenti saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi yoki qariyb 80 foizi ovoz bergan.
Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari kursisi uchun Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zaro kurash olib borishdi.