TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Bugun soat 11:00da Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida O‘zbekiston prezidenti saylovi natijalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkaziladi, deya xabar berdi MSK.
Majlis kun tartibidan 9-iyul kuni o‘tkazilgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi natijalari, sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida MSKga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risidagi masalalari o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi. Muddatidan ilgari prezident saylovida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 79,88% yoki 15 651 405 nafar saylovchi ishtirok etdi.
Prezident saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev (O‘zLiDeP) 13 mln 625 mingdan ortiq, 87%dan ortiq ovoz olgan. Shuningdek, 4,43% saylovchi Robaxon Mahmudova (“Adolat” SDP), 4,02% saylovchi Ulug‘bek Inoyatov (Xalq-demokratik partiyasi), 3,74 % saylovchi Abdushukur Hamzayev (Ekopartiya)ni yoqlab ovoz bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 117889 ta yoki 0,76% bulleten hisobdan chiqarilgan.