OTB O‘zbekistonning elektr tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi

Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida umumiy uzunligi qariyb 359 kilometr bo‘lgan 12 ta elektr uzatish liniyalari rekonstruksiya qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning elektr tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
OTB O‘zbekistonning elektr uzatish tarmog‘ini takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining ko‘proq mamlakat energetika balansiga integratsiyalashuvini ta’minlash uchun 125 million AQSh dollari miqdorida zayom ajratishni ma’qulladi.
“Dekarbonizatsiya sari raqamlashtirish – Elektr uzatish tarmoqlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida umumiy uzunligi qariyb 359 kilometr bo‘lgan 12 ta elektr uzatish liniyalari rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, loyiha joriy va loyihalashtirilgan energiya ehtiyojlarini qondirish uchun quvvatlarni oshirish maqsadida Fayzobod, Obihayot, Zafar va Zarafshonda 220 kilovolt quvvatli to‘rtta podstansiyaning rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishini moliyalashtiradi.
“Ushbu loyiha O‘zbekistonning ishonchli va arzon elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini qondirishga yordam beradi va shu bilan birga mamlakatning yashil va past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.
Loyiha doirasida eski texnologiyalarni zamonaviy hamda dispetcher boshqaruvi va ma’lumotlarni to‘plash tizimiga ulash imkoni bo‘lgan yuqori voltli liniyalar va podstansiyalarga almashtirish orqali elektr uzatish tarmog‘i raqamlashtiriladi.
O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 10,8 milliard dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak ajratgan.
OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.