TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Navoiyda qizil kitobga kiritilgan jayronlarni o‘ldirgan shaxs tabiatga 33 mln so‘m miqdorida zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, vtrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari viloyat IIB YHXB hamda Ekopatrul xodimlari bilan hamkorlikda nazorat reyd tadbirini o‘tkazishdi.
Tadbir davomida Navbahor tumani hududida fuqaro Q.Sh. boshqaruvidagi “Niva” rusumli avtomashina tekshirildi.
“Mashina yukxonasida 2 dona otilgan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ona-bola jayron borligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Tekshiruv-surishtiruv ishlari davomida jayronlar Samarqand viloyati, Narpay tumani, Boltali qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Q.Sh va Q.F. larga tegishli ov qurollari yordamida noqonuniy ovlangani ma’lum bo‘ldi.
Aytilishicha, holat yuzasidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, tabiatga 33 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Shuningdek, Q. Sh. boshqaruvidagi avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yildi va ov qurollari saqlash uchun Navoiy viloyat IIB ga yuborildi.
Hozirda prokuraturaga yuborish uchun kerakli hujjatlar to‘planmoqda.