O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

O‘zbekiston prezidenti saylovining dastlabki natijalari e’lon qilindi

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Muddatidan ilgari prezident saylovida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 79,88% yoki 15 651 405 nafar saylovchi ishtirok etdi.
Prezident saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev (O‘zLiDeP) 13 mln 625 mingdan ortiq, 87%dan ortiq ovoz olgan.
4,43% Robaxon Mahmudova (“Adolat” SDP);
4,02% Ulug‘bek Inoyatov (Xalq-demokratik partiyasi);
3,74 % Abdushukur Hamzayev (Ekopartiya).
117889 ta yoki 0,76% bulleten hisobdan chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9-iyul kuni, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi.
Unda prezidentlikka 4ta partiyadan quyidagi nomzodlar ishtirok etmoqda: Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan 7-iyulga qadar davom etdi.
Saylovda ovoz berish uchun O‘zbekiston bo‘yicha jami 10784 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ular 14 ta saylov okrugiga biriktirildi. Ularning faoliyatini 266 nafar saylov komissiyasi a’zosi nazorat qilib boradi.
Bundan tashqari ayni damda xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun dunyoning 39ta davlatida 56 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Rossiyaning 7 ta shahrida saylov uchastkalari tuzilgan. Ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi, Sankt-Peterburg, Rostov-Don, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Vladivostokdagi bosh konsulxonalarida tashkil etilgan.
O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 28-iyundan 5 iyulga qadar bo‘lib o‘tdi. Unda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 376 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti saylovini yuzlab xorijlik kuzatuvchilar va mingdan ortiq jurnalistlar kuzatib bormoqda. Xususan, xorijiy davlatlar va nufuzli tashkilotlardan kelgan 797 nafar kuzatuvchi va 1400 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Saylov bulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan, muayan okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda chop etilgan. Shuningdek ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida tayyorlangan maxsus trafaretlar har bir saylov uchastkasiga yetkazib beriladi.
O‘zbekistonda Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga (SAER) jami 19 mln 593 ming 838 nafar fuqaro kiritildi. Shulardan 47 foizini erkaklar, 53 foizini ayollar tashkil etadi. 30,1 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Xorijiy mamlakatlarda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatidan jami 323 ming 626 nafar saylovchi joy oldi.