O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

Markaziy Osiyo yetakchilari Mirziyoyevni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi

Mirziyoyev Markaziy Osiyo yetakchilari bilan muloqot qildi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Mirziyoyevning matbuot xizmatida xabar berildi.
Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi Mirziyoyevni muddatidan ilgari o‘tkazilgan prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tojikiston rahbari O‘zbekiston yetakchisini saylovda qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston rahbarlari ham Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9-iyul kuni, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Prezident saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, saylovda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) nomzod Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz olib, O‘zbekiston prezidenti etib saylandi.