O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

Soat 13:00 holatiga 52,16 foiz saylovchi ovoz berdi

Uchastkalar ochilganidan beri 10 mln 52 ming 289 ming nafar ovoz beruvchi saylovda ishtirok etdi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Bugun soat 13:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 52,16 foiz ovoz beruvchi prezident saylovida ishtirok etdi. Bu haqda MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Soat 13:00gacha ovoz berganlar soni
Uchastkalar ochilganidan beri 10 mln 52 ming 289 ming nafar ovoz beruvchi saylovda ishtirok etdi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovda 33 foizdan ortiq fuqarolar ishtirok etgan bo‘lsa, saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi.
O‘zbekiston bo‘yicha soat 08:00dan soat 13:00 gacha ovoz berganlar soni

Hududlar

Ovoz berganlar soni

Foiz

Qoraqalpog‘iston respublikasi

487 147 nafar

49, 56

Andijon viloyati

950 886 nafar

56, 44

Buxoro viloyati

547 925 nafar

51,13

Jizzax viloyati

472 402 nafar

59,62

Navoiy viloyati

325 736 nafar

51,10

Namangan viloyati

847 375 nafar

53,71

Samarqand viloyati

1 096 814 nafar

52,38

Sirdaryo viloyati

268 271 nafar

54,76

Surxondaryo viloyati

680 048 nafar

48,03

Toshkent viloyati

904 200 nafar

49,95

Farg‘ona viloyati

1 222 475 nafar

55,41

Xorazm viloyati

522 051 nafar

51,77

Qashqadaryo viloyati

983 551 nafar

53,16

Toshkent shahri

743 408 nafar

45,10

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9-iyul kuni, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda prezidentlikka 4ta partiyadan quyidagi nomzodlar ishtirok etmoqda: Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan 7-iyulga qadar davom etdi.
Saylovda ovoz berish uchun O‘zbekiston bo‘yicha jami 10784 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ular 14 ta saylov okrugiga biriktirildi. Ularning faoliyatini 266 nafar saylov komissiyasi a’zosi nazorat qilib boradi.
Bundan tashqari ayni damda xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun dunyoning 39ta davlatida 56 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Rossiyaning 7 ta shahrida saylov uchastkalari tuzilgan. Ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi, Sankt-Peterburg, Rostov-Don, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Vladivostokdagi bosh konsulxonalarida tashkil etilgan.
O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 28-iyundan 5-iyulga qadar bo‘lib o‘tdi. Unda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 376 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti saylovini yuzlab xorijlik kuzatuvchilar va mingdan ortiq jurnalistlar kuzatib bormoqda. Xususan, xorijiy davlatlar va nufuzli tashkilotlardan kelgan 797 nafar kuzatuvchi va 1400 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Saylov bulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan, muayan okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda chop etilgan. Shuningdek ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida tayyorlangan maxsus trafaretlar har bir saylov uchastkasiga yetkazib beriladi.
O‘zbekistonda Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga (SAER) jami 19 mln 593 ming 838 nafar fuqaro kiritildi. Shulardan 47 foizini erkaklar, 53 foizini ayollar tashkil etadi. 30,1 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Xorijiy mamlakatlarda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatidan jami 323 ming 626 nafar saylovchi joy oldi.