TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Livan shaharlarida musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’oni Karim ushlab turgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin surati aks etgan bilbordlar paydo bo‘ldi, deb xabar berdi RIA Novosti muxbiri.
Iyun oyi oxirida Putin Derbentdagi dunyodagi eng qadimgi masjidlardan biri hisoblangan Juma masjidiga tashrif buyurgandi. U yerda unga Qur’on sovg‘a qilindi. Davlat rahbari Qur’onga hurmatsizlik Rossiyada jinoyat sanalishi va mamlakatda hamisha ushbu qonunchilik qoidalariga amal qilishini aytdi.
Bir necha kun avval Livanning turli shaharlarida paydo bo‘lgan bilbordlarda “Dinlarning qo‘riqchisi va himoyachisi” degan sarlavha qo‘yilgan.
Aksiya tashkilotchisi, “Roslivan” Rossiya-Livan hamkorligi boshqarmasi boshlig‘i Muhammad Nasrutdinning so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiyada Qur’on yoqib yuborilishi fonida Rossiya prezidenti butun dunyoga dinlarga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini ko‘rsatdi.
G‘arb davlatlari dunyoni insoniy va diniy irqchilik va ma’naviy buzuqlik tunneliga botirmoqchi. <...> Shvetsiyada bir kishi davlat idoralari ruxsati bilan Qur’oni Karim nusxasini yoqib yubordi, biz bir necha davlatda musulmonlarga qarshi vahshiylik kampaniyasiga guvoh bo‘ldik, — dedi u.
Nasrutdinning so‘zlariga ko‘ra, Livan ahli Rossiya prezidentidan dinlar, xususan, islom haqidagi pozitsiyasi uchun minnatdor.
U Shvetsiyada sodir bo‘lgan voqeani qoraladi. Bu shunchaki pozitsiya emas, balki ko‘p ma’noga ega qadamdir; Qurbon hayiti kuni masjidga tashrif buyurdi va Qur’onni qo‘liga olib va shunday dedi: "Bu muqaddas kitobga hurmatsizlik Rossiya jinoyatdir, — deya qo‘shimcha qildi suhbatdosh.
Qurbon hayitining birinchi kuni, 28-iyun kuni Stokgolmdagi bosh masjid yonida Qur’onni tahqirlash va yoqish aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu musulmon dunyosida g‘azab to‘lqinini keltirib chiqardi, Jazoir, Afg‘oniston, Misr, Indoneziya, Livan, Suriya, Turkiya, O‘zbekiston va boshqa davlatlar tomonidan qoralandi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hodisa ishtirokchilarining jazosiz qolishi oldindan aytib bo‘lmaydigan halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytib, jahon hamjamiyatini bunday noqonuniy harakatlarga qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.