O‘zbek tili – iboralarga boy til. Tariximizning eng qadimgi davrlarida yashagan bobokalonlarimiz o‘zlarining hayotiy kuzatishlari asosida qiziqarli tarixga ega iboralarni ijod qilgan. Bunday iboralar bilan tanishar ekansiz, ular orqali o‘zbeklarning qanday yashagani, nimalar bilan shug‘ullangani, hayotga munosabati, diniy qarashlari haqida bilimlarga sohib bo‘la borasiz. Islomiy tushunchalarning xalqimiz hayotiga chuqur singib ketganligiga ishonch hosil qilasiz. Bu galgi maqolamizda to‘rt iboraning paydo bo‘lishi, ma’nolari to‘g‘risida fikr yuritamiz.
Daqqiyunusdan qolgan
Aslida daqonusdan qolgan desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. “Juda eski, qadimgi” ma’nosini bildiradi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 1-jild. 580-bet). Bu ibora hozirgi kunda zamona zayliga ko‘ra qadimiy ko‘rinadigan, vaqt jihatidan avvalgi davrlarga oid bo‘lgan narsa-hodisalarga nisbatan qo‘llanadi. Masalan: Daqonusdan qolgan bu dahri dunda Bir yangi zarraday ko‘zga ilinsam. (Behzod Fazliddin, Sen qachon gullaysan) Odamga nisbatan ishlatilganda “zamondan orqada qolib ketgan” ma’nosini bildiradi. Masalan: Har narsa deyavermang, rais bova. Daqqiyunusdan qolgan kampir kimga kerak? (Tog‘ay Murod, Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi)
Bu iboradagi Daqonus yoki Daqqiyunus ismi haqida har xil fikrlar bor. Ayrim olimlar uni Rim imperatori Diokletianning sharqona nomlanishi deydi. “Qur’oni karim”ning “Kahf” surasida Daqonus bilan bog‘liq voqea keltiriladi: zolim shoh istibdodidan dinu iymonlarini saqlab qolish uchun o‘z jonlarini fido qilgan yigitlar bir g‘orga panoh topib kirib, u joyda uch yuz yil qolib ketadilar. Chunki Daqonus g‘ordan chiqish yo‘lini berkitib tashlaydi. Lekin Olloh taolo o‘z qudratini namoyish etib, diniga sadoqatli yigitlarni uzoq vaqtga uxlatib qo‘yadi. Uyg‘onganlarida esa oradan uch yuz yil o‘tgan bo‘ladi. Bundan bexabar yigitlar “bir yo yarim kun uxladik” deb o‘ylaydilar. Oralaridan bittasini yashirincha shaharga yegulik sotib olishga jo‘natadilar. Yigit taom sotib olib, yonidagi tangani uzatganida, sotuvchi hayron bo‘lib: “Bu Daqonusdan qolgan tanga-ku, biron yerdan xazina topib oldingmi?” deb so‘raydi. Yigit ham hayron bo‘lib: “Hech qanday xazina topib olganim yo‘q, bu mening qavmim ishlatadigan oddiy tanga”, deb javob qilib, Daqonusga nima bo‘lganini so‘raydi...” (Qur’oni azim muxtasar tafsiri. Mufassir: Shayx Alouddin Mansur. 466–467-betlar). Daqonus shoh esa allaqachon o‘lib ketgan bo‘ladi.
Daqonus va “ashobul-kahv” – g‘or egalari voqeasi juda qadim zamonlarda sodir bo‘lganligi uchun o‘zbek xalqi daqonusdan qolgan/daqqiyunusdan qolgan iborasini “qadimgi zamonlardan qolgan”, “juda eski bo‘lgan” ma’nolarida qo‘llab keladi. O‘zbek tilida daqonusdan qolgan/daqqiyunusdan qolgan iborasi shu tarzda paydo bo‘lgan.
Almisoqdan qolgan
Bu ibora ham “juda eski”, “juda qadimgi” ma’nolarini bildiradi. Iboradagi asosiy ma’no arabcha “almiysoq” so‘zidan kelib chiqqan. “Almiysoq” arab tilida “ahd”, “qasam”, “shartnoma, bitim” ma’nolarini bildiradi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 1-jild. 73-bet). Almiysoq – miysoq berish, ya’ni Ollohga va’da berish demakdir. Almisoqdan qolgan iborasining o‘zbek tilidagi bugungi ma’nosiga asos bo‘lgan voqea ancha avvalgi davrlarga borib taqaladi. Qur’oni karimning “A’rof” surasida bayon etilgani – insonlarning Olloh taologa miysoq berish voqeasi asosida ushbu iboraning ma’nosini tushuntirib o‘tamiz:
“A’rof” surasi 172-oyatidan shunday mazmun anglashiladi: “Olloh taolo o‘z qudrati bilan Odam alayhis-salomning belidan undan tarqaydigan barcha zurriyotlarni chiqarib, ularga O‘zining mo‘’jizalarini ko‘rsatgach: “Aytinglar-chi, Men Sizlarning Rabbingiz emasmanmi?” deganida, ular: “Parvardigoro, O‘zing barchamizning Rabbimizsan, bizlar bunga guvoh bo‘ldik”, deb Ollohga ahdu paymon qilgan, ya’ni miysoq bergan ekanlar. Shuning uchun islom ulamolari: “Kimda-kim kofir bo‘lsa yoki dinidan qaytsa, o‘zining Ollohga bergan miysoqidan (Ollohda qilgan ahdidan deyilmoqchi) qaytgan bo‘ladi”, deydilar. Muhammad alayhis-salomning: “Har bir tug‘ilgan bola toza holda – islomda tug‘iladi, keyin ota-onasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qilib buzuq tarbiya berishadi”, degan hadislarining mazmuni ham yuqoridagi oyatlar ma’nosiga hamohangdir. (Qur’oni azim muxtasar tafsiri. Mufassir: Shayx Alouddin Mansur. 288-bet)
Demak, yuqoridagi oyatdan odamlar tug‘ilmasidan ilgari Olloh taoloni o‘zlarining Parvardigori, egasi sifatida tasdiqlaganliklari, buni tasdiqlab va’da berishlari esa “almiysoq” ekanligi ma’lum bo‘ladi. O‘zbek tilidagi almisoqdan qolgan iborasidagi almisoq aslida almiysoq so‘zining o‘zbekcha talaffuzga moslashgan shaklidir. Insonlarning Olloh taologa miysoq berish voqeasi juda qadim zamonlarda sodir bo‘lganligi uchun o‘zbek xalqi almisoqdan qolgan iborasini “qadimgi zamonlardan, Daqonus davrlaridan qolgan”, “juda eski bo‘lgan” degan ma’nolarda qo‘llab keladi. Masalan: Manavilarni qo‘shini almisoqdan qolgan qo‘shin. Otam zamondan qolgan qo‘shin! (Tog‘ay Murod, Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi) U yoqda almisoqdan qolgan po‘lat sandiq, qulflar yo‘qdir? (Tohir Malik, Shaytanat)
O‘zbek tilida almisoqdan qolgan iborasi shu tarzda paydo bo‘lgan.
Go‘riga o‘t qalamoq
Birovning sha’niga o‘zi yo‘qligida yomon so‘zlar aytmoq, kishini uning ortidan haqorat qilmoq. O‘zbekiston Qahramoni O.Sharafiddinov maqolalaridan birida o‘zbek tilidagi go‘riga o‘t qalamoq iborasi tarixi haqida shunday yozgan edi: “Rahmatli buvim oddiygina qishloqi ayol bo‘lgan bo‘lsalar-da, juda chechan, har gapga biron matal yoki maqol qo‘shib gapirguvchi edilar. Ba’zan meni koyib qolganlarida: “Buvijon, nega hadeb koyiyverasiz, axir nevarangizman-ku?!” desam, “Nevaram bo‘lsang nima?! Go‘rimga o‘t qalarmiding?!” der edilar. Men bu gapga tushunmasdim, savolimga go‘rning, unga o‘t qalashning nima daxli borligini bilolmasdim. Shu zaylda yillar o‘tdi. Oltmishinchi yillarda hindlarning buyuk dohiysi Javoharla’l Neru olamdan o‘tdi. Uning dafn marosimi matbuotda batafsil yoritildi. Ma’lum bo‘ldiki, hindiylar hozir ham o‘lgan odamning jasadini gulxanda yondirib, kulini Ganga darosiga sepib yuborishar ekan. Neruning vasiyatiga ko‘ra, uning jasadiga eng sevimli nevarasi o‘t qo‘yibdi. Birdan buvimning o‘sha naqlini esladim: demak, bir zamonlar bizda jasad yoqilgan ekan-da, demak, gulxanga o‘t qo‘yish nevara uchun eng faxrli ish bo‘lgan ekan-da? Bundan chiqadiki, o‘sha ibora kamida 2,5 – 3 ming yillik tarixga ega”. (Ozod Sharafiddinov, Tilda hikmat ko‘p)
Islom dini yoyilgach esa jasadlarni yoqish man qilingan. Shundan so‘ng go‘riga o‘t qalamoq birikmasi to‘g‘ri ma’nosini yo‘qotib, ko‘chma ma’noli iboraga aylangan: birovning sha’niga o‘zi yo‘qligida yomon so‘zlar aytishni, kishini uning ortidan haqorat qilishni ifodalashga o‘tgan. Mazkur ma’noda go‘riga g‘isht qalamoq iborasi ham qo‘llanadi.
Qozon osmoq
Ovqat pishira boshlamoq. Iboralardagi so‘zlarning paydo bo‘lish tarixini o‘rganish orqali o‘sha iboraning qachondan boshlab qo‘llana boshlaganini, bu iborani ijod qilgan xalqning qanday turmush kechirganini bilib olish mumkin. Ana shunday iboralardan biri qozon osmoq frazeologizmidir. Tilshunos A.Nurmonov qozon osmoq iborasi haqida quyidagilarni yozgan: “Masalan, qozon osmoq iborasi bor. Hozirgi kunda qozonning osilmasligi, balki o‘choq yoki gaz plitasi ustiga qo‘yilishi ma’lum. Bu iboraning ma’nosini tushuntirish jamiyatning qadimgi ko‘chmanchilik hayot tarzi haqidagi tasavvurimizni kengaytiradi. Qadimda o‘troqlashmagan jamiyat a’zolari turli joylarda ovqat pishirish uchun tagidan o‘t yoqiladigan moslamaga masalliq solingan idishni ilganlar”. (Abduhamid Nurmonov. Tanlangan asarlar)
Demak, qozon osmoq iborasiga asos bo‘lgan hayotiy jarayon ajdodlarimizning bir joyda muqim yashamagan, qozonni o‘rnatib emas, osib qo‘yib ovqat pishirgan paytlari bo‘lganidan darak beradi. Keyinchalik ajdodlarimiz shaharu qishloqlar qurib, o‘troq turmush kechirishga o‘tgach, qozonni o‘choqqa o‘rnatib taom pishirganlar. Natijada qozon osmoq birikmasi to‘g‘ri ma’nosini yo‘qotgan, ya’ni haqiqatan qozonni biror moslamaga osishdek xatti-harakatni emas, “ovqat pishira boshlamoq”dek ko‘chma ma’noni kasb etgan.
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlar bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar: