TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Muddatidan ilgari o‘tkazilayotgan O‘zbekiston prezidenti saylovida Bosh vazir Abdulla Aripov ovoz berdi. Bu haqda Bosh vazirning matbuot kotibi xabar berdi.
Bosh vazir oila a’zolari bilan birgalikda Toshkent shahridagi 520-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berish jarayonlarida ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 9-iyul kuni, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda prezidentlikka 4 ta partiyadan quyidagi nomzodlar ishtirok etmoqda: Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan 7-iyulga qadar davom etdi.
Saylovda ovoz berish uchun O‘zbekiston bo‘yicha jami 10 784 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ular 14 ta saylov okrugiga biriktirildi. Ularning faoliyatini 266 nafar saylov komissiyasi a’zosi nazorat qilib boradi.
Bundan tashqari ayni damda xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun dunyoning 39 ta davlatida 56 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Rossiyaning 7 ta shahrida saylov uchastkalari tuzilgan. Ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi, Sankt-Peterburg, Rostov-Don, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Vladivostokdagi bosh konsulxonalarida tashkil etilgan.
O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 28-iyundan 5 iyulga qadar bo‘lib o‘tdi. Unda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 376 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti saylovini yuzlab xorijlik kuzatuvchilar va mingdan ortiq jurnalistlar kuzatib bormoqda. Xususan, xorijiy davlatlar va nufuzli tashkilotlardan kelgan 797 nafar kuzatuvchi va 1400 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Saylov bulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan, muayan okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda chop etilgan. Shuningdek ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida tayyorlangan maxsus trafaretlar har bir saylov uchastkasiga yetkazib beriladi.
O‘zbekistonda Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga (SAER) jami 19 mln 593 ming 838 nafar fuqaro kiritildi. Shulardan 47 foizini erkaklar, 53 foizini ayollar tashkil etadi. 30,1 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Xorijiy mamlakatlarda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatidan jami 323 ming 626 nafar saylovchi joy oldi.