TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Issiq kunlarda sovuq suv ichilsa, organizm uni isitishga majbur bo‘lib, ikki hissa ko‘p energiya sarflaydi. Bu haqda oliy toifali shifokor Hilola Jamilova ma’lum qildi.
Yozning jazirama kunlarida ko‘pchilik muzdek suv ichish bilan o‘z chanqog‘ini qondirishga harakat qiladi. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik, issiq havoda muzdek suv ichish chanqoqni qondirib, organizmni tez sovutadi deb o‘ylaydi.
“Biroq bu noto‘g‘ri. Chunki jazirama payti tana o‘zini tabiiy sovutishi natijasida ko‘p terlaydi, - deydi shifokor.
Sovuq suv ichganda organizm uni isitishga majbur bo‘lib, ikki hissa ko‘p energiya sarflaydi. Oqibatda tana sovish o‘rniga yanada qiziydi. Bu esa organizm uchun stressdir.
Muzdek suvning inson tanasiga ta’siri
Qolaversa, jazirama kunlari muzdek suv ichish ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Birinchi galda sovuq ichimlik ovqat hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir etadi.
Ma’lum bo‘lishicha, past haroratli suv iste’mol qilish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi.
Ayniqsa, sovuq suv yog‘li taomlar bilan birga ichilganda yog‘ning organizmga so‘rilishi qiyinlashadi. Bu esa salomatlik uchun anchagina xavfli.
Shuningdek, past haroratli ichimlik tanada ovqat hazm qilish uchun zarur bo‘lgan fermentlar ishlab chiqarilishini bloklab, immunitetni pasaytiradi. Bundan tashqari, shamollash, angina va burun-halqum yo‘lining boshqa kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.
Aksincha, jazirama havoda iliq yoki xona haroratida bo‘lgan suyuqlik ichish tavsiya qilinadi.
Xususan, 36-37 darajali oddiy suv organizmda metobolizm va ichak faoliyatini yaxshilab, qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi hamda tanadan toksinlarni haydaydi.
Qolaversa, bunday ichimlik chanqoqni tez qondirib, tanadagi termoregulyatsiyani rag‘batlantiradi. Natijada issiq havoda organizm tezroq soviydi.
Shu bilan birga, iliq suv tanadagi suv-tuz balansini meyorlashtiradi.
Buning uchun kuniga o‘rtacha 2-3 litr iliq suyuqlik (ko‘k choy, gazsiz mineral suv) ichish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, chanqoq payti yashil yoki o‘simlik choylari (romashka, yalpiz va boshqalar), qorag‘at, olcha, olxo‘ri kabi nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron, kefir ichish juda foydali. Sababi ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib boradi.
Jaziramada gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilish mumkin emas.