Urganchning sobiq hokimi 3-yilga qamaldi

Shuhrat Abdullayev mansab soxtakorligi va yer berish tartibini buzishda aybdor deb topilgan.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Xorazm viloyati Urganch shahrining sobiq hokimi Shuhrat Abdullayev 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.
4 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida sudlanuvchi Shuhrat Abdullayevga (1967 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.
Sud hukmiga ko‘ra Abdullayev Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi "a" bandi va 229−4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi "a", "b" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga 2-yilga muayan huquqdan, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuhrat Abdullayev 2018-2020 yillar mobaynida Urganch shahar hokimi lavozimida ishlagan edi.