O‘zbekistonda g‘alla hosildorligi oshdi - qishloq xo‘jaligi vaziri

Aziz Voitov: 2023-yil yalpi ishlab chiqarish 8,1 mln tonna bo‘lishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda g‘alla hosildorligi oshdi. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ma’lum qildi.
Voitovning so‘zlariga ko‘ra, meva-sabzavotlar maydoni 470 ming gektarga oshdi, 75 ming gektar intensiv bog‘ va tokzorlar, 3700 gektar zamonaviy issiqxonalar barpo etildi.
Shuningdek, 200 ming gektar paxta-g‘alla maydonlari qisqarib aholiga berildi. Meva-sabzavot ishlab chiqarish 20 foizga oshib, 22,5 mln tonnaga yetdi.

“G‘alla hosildorligi 57 sentnerdan 70 sentnerga oshdi va 2023-yil yalpi ishlab chiqarish 8,1 mln tonna bo‘lishi kutilmoqda. Umuman qishloq xo‘jaligida yillik o‘sish - o‘rtacha 5%”, - deydi qishloq xo‘jaligi vaziri.

Ma’lum qilinishicha, “Global oziq-ovqat xavfsizligi” indeksida O‘zbekiston reytingi 113 ta mamlakat orasida 12 pog‘ona ko‘tarilib (85 dan 73 ga), eng yuqori o‘sishga erishgan 10 ta mamlakat ichida 1-o‘rinni egallagan.