Qozog‘iston dalalariga hujum qilgan chigirtka O‘zbekistonga yetib keladimi?

Bir necha kun oldin Qozog‘istonning ayrim viloyat va tumanlari hududlarida dalalarga chigirtkalar yopirilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Qozog‘iston dalalariga hujum qilgan chigirtkaning O‘zbekistonga yetib kelish ehtimoli kam. Bu haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova ma’lum qildi.

O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining qozog‘istonlik hamkasblaridan olgan javobga ko‘ra, 2-iyul sanasidan boshlab Qozog‘istonning Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan Kostanay viloyati Jangeldi, Amangeldi, Altinsari va Denisov tumanlari hududida zararli chigirtkaning “Italiya prusi” turi tarqalgan.

"Kostanay viloyati O‘zbekistondan 2 000 – 2 200 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bugungi kunda yuqorida qayd etib o‘tilgan zararli chigirtkalar to‘dasi respublikamiz hududiga kirib kelish ehtimoli kam", - deyiladi qo‘mita xabarida.


Shu bilan birga, Qozog‘istonning Turkiston viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent viloyati hududida zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlari o‘tkazildi. 2023-yil mavsumida chegara hududida 15,6 ming gektar maydonda ishlov berish tadbirlari yakunlangan.
Agentlik xabariga ko‘ra, 2023-yil mavsumida respublikada zararli chigirtkalar qarshi samarali kurash olib borish uchun 519 ming gektar maydonda kimoviy ishlov o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, bugun undan 481,7 ming gektariga ishlov berilgan.
Chegaradosh Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan ham zararli chigirtkalarga qarshi kurashga oid qo‘shma chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlanib, axborot almashinuvi yo‘lgan qo‘yilgan.