TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar rahbarlarini tashkilotning Ostonada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitiga taklif qildi.
Bugun videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tayotgan ShHT sammitida tashkilotga raislik Qozog‘istonga o‘tadi.
“Fursatdan foydalanib, sizni Shanxay hamkorlik tashkilotining Qozog‘iston poytaxti – Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitida bevosita ishtirok etishga taklif etaman”, — dedi Toqayev sammitda so‘zlagan nutqida.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Hindiston bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar rahbarlarining majlisida ishtirok etmoqda.
ShHT - 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston a’zo.