TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Shri-Lanka O‘zbekistondan tayyor charm, poyabzal, charm-attorlik buyumlarini import qilmoqchi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi xabar berdi.
Xitoyning Venchjou shahrida “Charm, poyabzal mahsulotlari va poyabzal uskunalari” 26 xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi hamda mahalliy korxonalar hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar va shartnomalarni imzolashga erishdi.
Xususan, uyushma hamda Koreya innovatsion loyihalarni tadqiq etish instituti bilan hamkorlikda yangi qo‘shma ta’lim dasturi ishlab chiqadi. Dasturga muvofiq mamlakat charmsanoat tarmog‘ida innovatsion ishlanmalarni yaratuvchi malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, Shri-Lanka charm va poyabzal ishlab chiqaruvchilari uyushmasi O‘zbekistondan tayyor charm, poyabzal, charm-attorlik buyumlarini import qilishni maqsad qilgan.
“Muloqotda hamkorlarga sohaning ishlab chiqarish salohiyati, mahsulotlar namunalari taqdim etildi. Natijada Shri-Lanka tomoni qisqa fursat ichida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha hamkorlik kelishuvini imzolashini ma’lum qildi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, mahalliy “San+One” korxonasi Marokash kompaniyasi bilan poyabzallarni eksport qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Marokash kompaniyasi hamkorlik qilish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishini qayd etdi.