TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun grant asosida o‘qishga qo‘shimcha 3 000 ta o‘rin ajratiladi. Bu haqida prezident farmonida aytib o‘tilgan. O‘zA xabariga asosan.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun 2023/2024 o‘quv yilida davlat granti asosida qo‘shimcha 3 000 ta o‘rin ajratiladi.
Bunda soha va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanib, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga 2023-yil 20-iyulgacha taqdim etiladi.
Eslatib o‘taimiz, 3-iyul kuni imzolangan 200-sonli prezident farmonida, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishga doir qator o‘zgarishlar belgilangan edi. Xususan, akademik litseylarga kirishda yozma imtihonlar bekor qilinishi, kollej va texnikumlarda grantlar miqdori 2 baravar oshirilishi va boshqalar.