O‘zgidromet 4 viloyatda sel kelishi xavfidan ogohlantirdi

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Joriy yilning 5-7 iyul kunlari yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani sababli, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet direktori Sherzod Habibullayev ma’lum qildi.
Sel-suv toshqini hodisalari quyidagi hududlarda yuzaga kelishi mumkin:
Toshkent viloyati – Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Pskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
Namangan viloyati – Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
Farg‘ona viloyati – So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
Andijon viloyati – Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida.
“Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz”, - deydi Sherzod Habibullayev.