TOShKENT, 4-iyul — Sputnik.“Haj – 2023” mavsumini yakunlagan ziyoratchilar 4-22 iyul kunlari O‘zbekistonga qaytib kelishadi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jidda shahridan O‘zbekistonning 10 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch va Nukus sari parvoz qilib, qaytib kelishadi.
“Haj – 2023” tadbirining uzluksiz va tartibli o‘tkazilishida “Uzbekistan Airways”dan malakali uchuvchi va bort kuzatuvchilari jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda haj mavsumi 4-iyundan boshlangan. Bu yil eng ko‘p ziyoratchilar Toshkentdan Hajga bordi — 16 reysda 5575 nafar yo‘lovchi tashiladi.
Haj-2023 mavsumi uchun bir ziyoratchiga to‘lov miqdori – 68 mln 760 ming so‘m etib belgilangan. 2023-yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 ming nafar etib belgilandi. Bu yilgi haj mavsumi uchun kvota 12 mingdan 15 ming nafarga oshirilgan.