So‘nggi 6-yillik baholar OTMga bu yilgi qabulda inobatga olinmaydi

2022/2023 o‘quv yilidan bitiruvchilarning so‘nggi 6-yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinishi belgilangan edi.
Sputnik
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. So‘nggi 6-yillik baholar oliygohlarga joriy yilgi qabulda inobatga olinmaydi. Bu prezident 3-iyul kuni imzolagan tegishli farmonda ko‘zda tutilgan, deya xabar beradi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.
Farmon bilan prezidentning 2020-yil 6-noyabrdagi "O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, majburiy 11-yillik ta’limning so‘nggi 6-yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichini oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinishi 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab joriy etilishi belgilandi.
Bunda joriy yilda majburiy 11-yillik ta’limning so‘nggi 6-yillik baholari oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olinmaydi.