Bahodir Sidiqov “O‘zbekneftgaz” rahbari etib tasdiqlandi

“O‘zbekneftgaz”da qator tayinlovlar amalga oshirildi.
Sputnik
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Bahodir Sidiqov "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. U mart oyidan buyon kompaniya rahbari vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan edi.
Bunga qadar u Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Yoshlik konini o‘zlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari lavozimida ishlagan. Shuningdek, 2019-2020 yillarda “O‘zbekneftgaz”ga rahbarlik qilgan. Undan avval Vazirlar Mahkamasi Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari axborot-tahlil departamentining mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.
Rustam Sherov
Rustam Sherov "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisining geologiya va qazib chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Sherov shu kunga qadar, "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisining Qazib chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Odil Temirov
Odil Temirov "O‘zbekneftgaz" raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar u "O‘zkimosanoat" AJ boshqaruv raisining ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.