Akademik litsey, kollej va OTMga kirish tartibi o‘zgaradi — yangi qaror

Endi OTMga kirish imtihonlarini topshirish “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi. Shuningdek, akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon bekor qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 2024/2025 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalariga (OTM) kirish imtihonlarini topshirish “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi. Bu o‘zgarishlar prezident tomonidan imzolangan PQ–200-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Abituriyentlarga test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, umumta’lim fanlaridan xalqaro imtihon natijalari bo‘yicha sertifikatlar davlat OTMga qabul qilishda inobatga olinadi.
2023/2024 o‘quv yilidan:
akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon asosida dastlabki saralash bosqichi bekor qilinadi;
kollej va texnikumlarning ta’lim dasturlariga davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 2 baravarga oshiriladi;
abituriyentlarga “davlat granti” yoki “ta’lim yo‘nalishi” ustuvorliklaridan birini tanlash va tanlagan ustuvorligi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ketma-ketligida tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Shuningdek, talabaning ta’lim yo‘nalishiga mos startap loyihasi hamda ratsionalizatorlik g‘oyasini bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilish amaliyoti joriy etiladi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to‘lanadigan qisqa muddatli maqsadli ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, oliy ta’lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori 200 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari dasturi asosida qayta ishlab chiqiladi.
Ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
Bunda:
kompleks davlat akkreditatsiyasi har 4-yilda ta’lim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida o‘tkaziladi;
litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkiloti yoki yopilgan ta’lim dasturida o‘qiyotgan talabalarga o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga ko‘chirish huquqi beriladi.
Shuningdek, ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda:
Vazirlik tomonidan tan olingan xalqaro reyting tashkilotlarining birinchi 1 000 talikka kirgan oliy ta’lim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasidan ozod qilinadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarining reytingi ta’lim tashkilotining faoliyati va ta’lim jarayoniga aralashmagan holda ma’lumotlarni axborot tizimi orqali olish yo‘li bilan yuritiladi.
2024 yil 1-yanvardan reyting davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha umumiy aniqlanadi. So‘nggi 5-yil davomida reytingda birinchi 10 talik o‘rinni egallagan oliy ta’lim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasidan ozod qilinadi.
2025 yil 1-yanvardan:
nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kvota ularning reytingdagi o‘rniga muvofiq ajratiladi;
oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim sohalari kesimidagi reytingini yuritish yo‘lga qo‘yiladi.