TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda suv va ichimliklarni majburiy markirovkalash muddati yana kechiktirildi. Bu bosh vazir Abdulla Aripov 30-iyun kuni imzolagan qarorda ko‘zda tutilgan.
Avvaliga markirovkalash 2022-yil oktabr oyida boshlanishi belgilangan edi, keyin 2023-yil 1-iyulga qoldirilgan, endi esa muddat 2024-yil 1-martgacha kechiktirilmoqda.
Markirovkalash talabi ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ham import qiluvchilar uchun amal qiladi:
birinchi guruh uchun (gazlangan va gazsiz suv, ichimliklar, shuningdek, fermentlanmagan shirin meva va sabzavot sharbatlari (uzumdan tashqari)) — 2024-yil 1-martdan;
ikkinchi guruh uchun (metall idishlardagi suv va ichimliklar) — 2024-yil 1-avgustdan (o‘zgarmagan).
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2019-yil avgust oyida mahsulotlarni markalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tasdiqlangan. Loyiha operatori sifatida “CRPT Turon” MChJ tanlangan edi.
Uning asoschisi, qaror matnida ko‘rsatilganidek, Rossiyadagi markirovkalash tizimining operatori — Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (CRPT). Asosiy egasi USM Alisher Usmonov (50 foizi), yana 25 foiz ulush Rossiya davlat korporatsiyasi "Rostec" va "Almaz Capital" boshqaruvchi hamkori Aleksandr Galiskiyga tegishli.
Hukumatning 2020-yil 20-noyabrdagi qarori bilan "Asl belgisi" mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi joriy etilgan.