TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Markaziy saylov komissiyasining bugungi majlisida 401 nafar xorijiy kuzatuvchi va 42 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
"O‘zbekiston prezidenti saylovida akkreditatsiyadan o‘tgan kuzatuvchilarning umumiy soni 785 nafarni, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 1 299 nafarni tashkil etmoqda", - deyiladi MSK bayonotida.
Ro‘yxatga olingan kuzatuvchilar orasida YeXHT DIIHB, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, MDH, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi kabi tashkilotlar hamda bir qator xorijiy davlatlar vakillari bor.
O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi 9-iyul kuniga belgilangan. Prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28-iyun-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzildi.
Prezidentlikka Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlangan.