O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani belgilashga oid shartnomani ratifikatsiya qildi

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi. O‘zbekiston rahbari 30-iyun kuni tegishli qonunni imzoladi.
Qozog‘iston bu shartnomani 28-mart kuni ratifikatsiya qilgan edi.
Hujjat ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev tomonidan 2022-yil 22-dekabr kuni Toshkentda imzolangan edi.
23 iyun kuni O‘zbekiston Senati o‘zbek-qozoq chegarasi demarkatsiyasi to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilishni ma’qullagan edi.
Shartnomaga ko‘ra O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2 356 kilometrdan ortiqdir.
Shartnoma bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.
“Qonun O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasi demarkatsiyasi bo‘yicha uzoq vaqt davom etgan jarayonning mustahkam huquqiy yechimi bo‘lishi bilan birga o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlarimizning yangi sahifasi bo‘ladi hamda o‘zaro teng manfaatli aloqalarimiz ravnaqiga xizmat qiladi, deb ishonamiz”, - degan edi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
2003 yilda boshlangan demarkatsiya bo‘yicha muzokaralar qariyb 19-yil davom etgan. Bu vaqt mobaynida demarkatsiya komissiyasining 100 ta yig‘ilishi va demarkatsiya bo‘yicha ishchi guruhining 34 ta yig‘ilishi o‘tkazildi. Chegara belgilarini o‘rnatish bo‘yicha dala ishlari 2004-2021 yillarda davom ettirildi.