Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida bir necha o‘nlab so‘zlarni xato yozishga o‘rganib qolingan. Biz bugun aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarning qo‘llanishi xato ekanligini yo bilamiz, yo bilmaymiz. Bunday so‘zlar kundalik nutqda ko‘p qo‘llanishi natijasida to‘g‘riday tuyuladigan, xato ekanligi bir qarashda sezilmaydigan bo‘lib qolgan, ammo na leksik, na orfografik meyorlarga javob beradi. Hatto ayrimlari o‘zbek tilining so‘z yasalishi, shakl yasalishi qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
I. O‘zbek tilidagi ko‘plab so‘zlar qanday aytilishiga ko‘ra emas, qoidaga ko‘ra yoziladi. Masalan, kundalik nutqda avf, andoza, baynalminal deb aytamiz. Biroq bu xato, chunki afv, baynalmilal so‘zlari arabcha, andaza so‘zi fors-tojikcha. Ular arab va fors-tojik tillarida afv, baynalmilal, andaza deb yoziladi. O‘zbek tiliga o‘tgandan keyin ham bu so‘zlarni arab va fors-tojik tillaridagidek yozish qoidalashgan.
Quyidagi jadvaldagi so‘zlar ham qanday aytilganiga qarab emas, asliyat tilida qanday bo‘lsa shundayligicha yoziladi.
Noto‘g‘ri shakli
| To‘g‘ri shakli |
mutaxasis naqorat tadbiq talofat taqazo ta’qiq fidoiy sho‘’ba hashorat yuristkonsult | mutaxassis naqarot tatbiq talafot taqozo taqiq fidoyi shu’ba hasharot yuriskonsult |
II. O‘zbek tilidagi bir necha so‘zlarda qo‘shimcha noto‘g‘ri qo‘llanadi. Masalan, bejizga so‘zida -ga, ilojisi va ko‘nglisi so‘zlarida -si qo‘shimchasi noto‘g‘ri ishlatiladi, chunki bu so‘zlarda ushbu qo‘shimchalar hech qanday vazifa bajarmaydi. Buni misollarni qiyoslash orqali tushuntiramiz:
1. Dadam bejizga bunday demadi – Dadam bejiz bunday demadi.
2. Buning ilojisi yo‘q – Buning iloji yo‘q.
3. Ko‘nglisi qoldi – Ko‘ngli qoldi.
Yuqoridagi gaplarning ikkinchisida aytib o‘tilgan qo‘shimchalarni tushirib qoldirsak ham gapning mazmuni buzilmaydi. Aksincha, mazmun yanada aniqlashdi. Demak, qo‘shimchalar ortiqcha ishlatilgan. Shuning uchun bejiz, iloji, ko‘ngli deb qo‘llash zarur.
III.O‘zbek tilidagi singlisi, ona tilisi so‘zlarida -i va -si egalik qo‘shimchalari ketma-ket qo‘shilmasa, xato bo‘ladi: singil+i+si, ona til+i+si. Fikrimizni misollar yordamida tushuntiramiz:
1. Karimning singli maktabda o‘qiydi – Karimning singlisi maktabda o‘qiydi.
2. Bolalar ona tilini sevishi kerak – Bolalar ona tilisini sevishi kerak.
Agar singlisi deyilmasa, kimning singlisi ekanligi aniqlashmaydi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ona tili so‘zidagi -i qo‘shimchasi egalik qo‘shimchasi vazifasini bajarmay qo‘ygan. Agar egalik qo‘shimchasi o‘z vazifasini bajarganda ona til deb aytish mumkin bo‘lar edi. Vaholanki, ona til deb bo‘lmaydi. Ona tili desakkina, ma’no chiqadi. Endi ona tilining kimga qarashliligini bildirish uchun faqat -si egalik qo‘shimchasini qo‘shishimiz kerak.
IV. Ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar sifatida bo‘layapti, borayapti, yozayapti, ketayapti kabilarni ko‘rsatsa bo‘ladi. Hatto markaziy gazetalarda ham shunday xatoliklar bor. Xo‘sh, buning nimasi xato, binoyidek-ku, deyishingiz aniq. Xato bo‘l, bor, yoz, ket so‘zlaridan keyin qo‘shilayotgan -a qo‘shimchasida. Agar biz bo‘layapti, borayapti, yozayapti, ketayapti deb yozsak, bitta so‘zga zamon qo‘shimchasini ikki marta – takror-takror qo‘shgan bo‘lamiz. Aslida bu so‘zlardagi hozirgi zamon ma’nosini -yap qo‘shimchasi ifodalay oladi. -a qo‘shimchasi esa kelasi zamonniki. Bitta so‘zga kelasi va hozirgi zamon qo‘shimchalarini qo‘shib bo‘ladimi?! Albatta, yo‘q. To‘g‘ri yozish qoidalariga ko‘ra, bo‘l, bor, yoz, ket kabi so‘zlardan keyin -a qo‘shimchasi qo‘shilmasligi lozim. Aksincha, bo‘l+yap+ti, bor+yap+ti, yoz+yap+ti, ket+yap+ti deb yozsak xato qilmaymiz.
V. Ommaviy axborot vositalarida va hatto rasmiy hujjatlarda ham chalkash qo‘llanayotgan erka so‘zlar bor. Qaysi deysizmi, mana: o‘zgartish, tegishincha so‘zlari. Mazkur so‘zlar aslida – sheva so‘zlari, adabiy tilniki emas. Qizig‘i shundaki, o‘zgartish va tegishincha so‘zlarini asos va qo‘shimchalarga ajratib olish ham qiyin. Bu chalkashliklarga sherik bo‘lmay desangiz, o‘zgartish emas, o‘zgartirish deb, tegishincha emas, tegishlicha deb yozganingiz ma’qul.
VI. Bizni ba’zan tasavvurlarimiz chalg‘itadi. Masalan, o‘zbek tilida qat’iy va nazar degan so‘zlar bor. Ayni paytda qat’i nazar degan so‘z ham mavjud. Bu so‘zlarni kundalik muloqotda ham, xat-hujjatlarda ham faol qo‘llaymiz. Qat’iy so‘zi “uzil-kesil belgilab qo‘yilgan”, “o‘zgarmaydigan” ma’nosini, nazar so‘zi “ko‘z qarashi, nigoh” ma’nosini bildiradi. Biz har gal qat’i nazar so‘zini eshitganda, beixtiyor qat’iy va nazar so‘zlari esga tushadi va qat’iy nazar deb yozishga tutinamiz. Aslida esa unday emas: qat’i butunlay boshqa so‘z. Qat’i nazar “biror narsaga bog‘liq bo‘lmagan”, “biror narsaga aloqasi yo‘q” degan ma’noni bildiradi. Masalan, “Ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar ishga chiqamiz” gapidan “Ishga chiqish-chiqmasligimiz ob-havoga bog‘liq emas”, “Ob-havoning ishga chiqish-chiqmasligimizga aloqasi yo‘q” degan mazmun ifodalanadi.
VII. O‘zbek tilida g‘alati mashhur so‘zlar bor. Shunday so‘zlardan biri – minnatdorchilik. Bu so‘z tilda faol qo‘llanadi, lug‘atlardan ham joy olgan. “G‘alati mashhur” deyishimizga asli xato bo‘lsa-da qo‘llanaverishi sabab bo‘ldi. O‘zbek tili so‘z yasalish qoidalariga ko‘ra, -chilik qo‘shimchasi kasb-hunar, ish-faoliyat otlarini yasaydi. Minnatdorchilik so‘zi kasb-hunar oti ham, ish-faoliyat oti ham emas. Bizning fikrimizcha, minnatdorchilik so‘zidagi -chi ortiqcha. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da minnatdorlik asosiy so‘z sifatida berilgan. Buni bitta gapda minnatdorchilik va minnatdorlik so‘zlarini qo‘llash orqali bilib olish mumkin. Taqqoslab ko‘ring:
1. Minnatdorligini bildirdi – Minnatdorchiligini bildirdi.
2. Minnatdorlik tuyg‘usi – minnatdorchilik tuyg‘usi.
G‘alati mashhur so‘zlardan yana biri – kulgu. Bu so‘zning kulgu shaklida qo‘llanishga o‘tib ketishi she’riy asarlarda qo‘llanishi bilan bog‘liq. Shoirlar vazn talabi, qofiya taqozosi bilan kulgi so‘zini kulgu shaklida yozadilar. Kulgu so‘zidagi ko‘tarinki ruh, tantanavorlik xususiyati ham bunga sabab bo‘lgan. Badiiy asarlarda-ku kulgu deb qo‘llasa bo‘lar, shunday yozgan shoirlarni-ku tushunsa bo‘lar?! Chunki badiiy asarlarda til meyorlaridan chekinish ko‘p kuzatiladi. Ammo boshqa holatlarda kulgi deb yozish joiz.