TOShKENT, 3-iyul – Sputnik. Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar islomiy ramzlarni haqorat qilish bo‘yicha takroriy harakatlarga chek qo‘yish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirdi, deb xabar berdi Saudiyaning “Al-Ikhbariya” telekanali.
“Qur’onni oyoqosti qilish va Islom payg‘ambarini haqorat qilish islomofobiyaning yagona ko‘rinishi emas. Musulmon davlatlari bunga chek qo‘yish uchun jamoaviy choralar ko‘rishlari kerak”, - deydi Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Ibrohim Toha Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan Shvetsiyada Qur’onni yoqishga qarshi yana bir harakatga javoban chaqirilgan Jiddadagi favqulodda yig‘ilishda.
U “xalqaro hamjamiyat bilan dinga qarshi har qanday da’vatlarga qarshi xalqaro huquqni zudlik bilan qo‘llash bo‘yicha doimiy ish olib borish zarurligini” ta’kidladi.
Stokgolmda Qurbon hayitini nishonlash chog‘ida Qur’onning tahqirlanishi va yoqib yuborilgani dunyoning ko‘plab davlatlarida keng rezonans uyg‘otdi. Iroq Shvetsiya rasmiylaridan bu harakatni sodir etgan immigrantni sudga topshirishni talab qildi, payshanba kuni o‘nlab iroqliklar Bag‘doddagi mamlakat elchixonasi oldida namoyishga to‘plandi. Voqea shuningdek, Jazoir, Afg‘oniston, Misr, Indoneziya, Livan, Suriya, Turkiya, shuningdek, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abul Gayt va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi tomonidan qoralangan. Iordaniya va BAA tashqi ishlar vazirliklari Shvetsiya elchilarini chaqirib, ularga norozilik notasini taqdim etgan.