TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Qrim rahbari Sergey Aksonovga qarshi rejalashtirilayotgan suiqasdning oldini oldi, deb xabar berdi FXX matbuot xizmati.
"1988 yilda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi, u Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tomonidan yollangan va Ukraina hududida razvedka va qo‘poruvchilik faoliyati, shu jumladan, minalarni portlatish bo‘yicha tayyorgarlik kursini o‘tagan", - deyiladi press-relizda.
Aytilishicha, jinoyatchi Aksonovning korteji yonida portlash uyushtirishni rejalashtirgan, biroq yashiringan joydan qo‘lbola bombani olib ketayotganda qo‘lga olingan.
FXX terrorchilik hujumiga urinish va portlovchi moddalarni noqonuniy sotib olish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Gumonlanuvchi hibsga olingan va allaqachon o‘z aybini tan olgan.
Aksonov maxsus xizmatlarga aniq va samarali faoliyati uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Ishonchim komilki, bu jinoyatning aniq buyurtmachilari topilib, jazolanadi. Va Kiyevdan kelayotgan terrorchilik tahdidini faqat prezident belgilagan maxsus operatsiya maqsadlarini amalga oshirish orqali butunlay yo‘q qilish mumkin", - deb yozdi Aksonov o‘zining Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, Qrim yarim orolida may oyida Aksonov, parlament spikeri Vladimir Konstantinov va Yalta meri Yanina Pavlenkoga qarshi rejalashtirilgan qator teraktlarning oldi olingan edi. Rossiya FXX teraktlarning bevosita tashkilotchisi sifatida Vladimir Zelenskiyning idorasi rahbari o‘rinbosari Roman Mashoves degan edi.