Yil oxirigacha bolalarni MTTga qamrab olish darajasi 74,5 foizga yetkaziladi

Bugungi kun holatiga bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017-yilga nisbatan 2,5 barobarga oshdi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Joriy yil oxiriga qadar 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasini 74,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqda Sputnik'ga Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

“2023 yil yakuniga qadar 92 foiz 6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2025-yilga kelib 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 100 foizi boshlang‘ich maktabga majburiy bir yillik bepul tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi”, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin agentlik tomonidan o‘tkazilgan ochiq muloqotda.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida jami 152 897 nafar rahbar va pedagog kadrlar faoliyat yuritmoqda, ulardan 34,1 foizi (52 085 nafar) oliy ma’lumotli.
Ma’lumot uchun, 2023-yilning bugungi kun holatiga bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017-yilga nisbatan (27,7 %) 2,5 barobarga, ya’ni 71,8 foizga, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 211 tadan 29 420 taga yetkazildi.