TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Atmosferaga chiqarilayotgan zararli tashlamalar miqdori 35 ming tonnaga kamaydi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Atmosfera havosiga sanoat korxonalaridan tashlanayotgan tashlamalar miqdori oldingi yilga nisbatan 35 ming tonna (yoki 4,0 foiz)ga kamaydi.
Ushbu ko‘rsatkichga quyidagi chora-tadbirlar evaziga erishildi:
96 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonasida jami 362 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalari ta’mirlandi va yangilariga almashtirildi. Natijada atmosfera havosiga 2590,8 tonna tashlamalar tashlanishining oldi olindi;
atrof-muhitga havflilik darajasi yuqori va o‘rta bo‘lgan 43 ta yangi tashkil etilayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan 307 ta yangi filtr o‘rnatildi;
“Toza havo” oyligi davomida jami 295 582 ta avtotransport vositasidan chiqqan gazlar tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori o‘lchandi. Meyordan ortiqcha bo‘lgan 8041 ta avtotransport vositasining ortiqcha chiqindi gazlari tartibga keltirildi;
atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha 245 ta korxona va tashkilot tomonidan 486 ta chora-tadbirlarning bajarilishi evaziga atmosfera havosiga 18,0 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldi olindi.
Eslatib o‘tamiz, respublikada o‘tkazilgan “Toza havo” oyligi davomida jami 92,8 tonna ifloslantiruvchi modda atmosfera havosiga chiqarilishining oldi olingan edi.