TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) kuzatuvchilari Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlariga tashrif buyurib, saylov jarayonlarini monitoring qilishmoqda. Bu haqda MDH Ijroiya qo‘mitasi xabar berdi.
MDH kuzatuvchilari missiyasi vakillari okrug saylov komissiyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda qayd etilishicha, saylov jarayoni bilan bog‘liq shikoyat va arizalar kelib tushmagan.
“Missiya a’zolari saylov uchastkalariga tashrif buyurganlarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatdilar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha tartiblarga rioya qilinayotganini ta’kidlashdi”, deyiladi xabarda.
Missiya a’zolari joylarda saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor, saylov komissiyalarining xalqaro kuzatuvchilar bilan konstruktiv hamkorlik qilishga qaratilayotganini alohida qayd etishdi.
MDH kuzatuvchilari missiyasi
© Ispolkom SNG
Aytilishicha, MDH kuzatuvchilari missiyasini shakllantirish jarayoni nihoyasiga yetdi. Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, MDHga a’zo davlatlarning Parlamentlararo assambleyasi, MDH kuzatuvchilari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tish uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga hujjatlar yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida MDH kuzatuvchilari O‘zbekiston prezidenti saylovi jarayonini kuzatish bo‘yicha ish boshlagan edi. MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshlig‘i Yevgeniy Kozakning ta’kidlashicha, kuzatuvchilar missiyasi mamlakatda saylovoldi tashviqoti o‘tkazilishini monitoring qilishda o‘ninchi bor ishtirok etmoqda.
Avvalroq O‘zbekistondagi muddatidan ilgari prezident saylovida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) kuzatuvchilari missiyasiga MDH bosh kotibi Sergey Lebedev rahbarlik qilishi ma’lum qilingan edi.
O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi 9-iyul kuniga belgilangan. Prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28-iyun-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzildi.
Prezidentlikka Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlangan.