TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Sudan delegatsiyasi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Rossiyadan mojaroni hal qilishda yordam so‘radi, dedi Sudan o‘tish davri suveren kengashi rahbari o‘rinbosari Malik Agar.
Payshanba kuni Lavrov Rossiya Sudandagi vaziyatni xavotir bilan kuzatib borayotganini va mojaroni hal qilishda yordam berishga tayyorligini, Rossiyaning Xartumdagi diplomatik vakolatxonasi manfaatdor tomonlar bilan aloqalar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
"Sudan urushini tugatish uchun Rossiyadan yordam so‘radik. Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziriga Sudan inqirozini hal qilish yo‘l xaritasi haqida ma’lumot berdik", - dedi Malik Agar Moskva safari ortidan "Russia Today" xalqaro multimedia matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
“Biz Rossiyani do‘st davlat deb bilamiz va undan iqtisodiy va strategik yordam ko‘rsatishni so‘raymiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 15-apreldan beri Sudanda tezkor harakat kuchlari va muntazam armiya o‘rtasida janglar davom etmoqda. Qarama-qarshi tomonlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng ko‘lamli axborot urushini boshlab, jangovar harakatlar va obyektlarni nazorat qilishdagi muvaffaqiyatlar haqida qarama-qarshi bayonotlar tarqatishmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ma’lumotlariga ko‘ra, 15-apreldan 12-iyungacha kamida 958 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 4700 nafari yaralangan.