TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Germaniyada ish bilan ta’minlash va’da berilib, lekin qiyin ahvolda qolgan talabalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi.
“Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangan, vaziyatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilinadi va natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, - deyiladi vazirlik ma’lumotida.
Ma’lum bo‘lishicha, xususiy bandlik agentligi 2023-yilning may-iyun oylarida "Work and travel" dasturi orqali Germaniyaga 102 nafar talabani jo‘natgan. Ammo Germaniyaga yetib borgan talabalarni ish bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelgan. Ayni damda talabalar Munxen bosh vokzalida qolayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmqlarda tarqalgan edi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish huquqiga ega bo‘lgan xususiy bandlik agentliklari 9 ta. Ularning ro‘yxati bilan quyida tanishish mumkin.