Ertadan kasb-hunar maktablariga qabul boshlanadi

Qabul 1-iyul kunidan 20-iyul kuniga qadar onlayn qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Ertadan kasb-hunar maktablariga qabul boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 100 dan ortiq kasblardan birini egallash istagida bo‘lgan, joriy yil 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlari my.edu.uz elektron platformasi orqali 1-iyul kunidan 20-iyul (shu kuni ham) kuniga qadar onlayn qabul qilinadi.
Platformaga:
tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki ID karta ma’lumotlari;
3x4 hajmidagi fotosurat kiritiladi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda respublikada 330 ta kasb-hunar maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan 2023/2024-o‘quv yilida kasb-hunar maktablariga kunduzgi va dual ta’lim shakllari bo‘yicha jami 98 042 ta qabul parametri tasdiqlangan.
Shundan:
Kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha – 93 310 ta;
Dual ta’lim shakli bo‘yicha – 4 732 ta.