Fransiyada tartibsizliklar chog‘ida 660 nafardan ziyod kishi qo‘lga olindi

30 iyunga o‘tar kechasi Fransiya IIV davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming nafar politsiya xodimini jalb qilgan.
Sputnik
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Fransiyada politsiya tomonidan 17 yoshli o‘smir o‘ldirilishi ortidan yuzaga kelgan tartibsizliklar chog‘ida qo‘lga olinganlar soni 660 nafardan oshdi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen ma’lum qildi.
“Tartibsizliklarning oldini keskin olish bo‘yicha mening ko‘rsatmalariga muvofiq politsiya va jandarmalar 667 ta hibsni amalga oshirishdi”, - deya yozdi Darmanen Twitterʼdagi sahifasida. Undan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Fransiya IIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan tunda politsiya, jandarma va o‘t o‘chiruvchilar mamlakatdan kamdan kam uchraydigan zo‘ravonlikning eng yuqori darajasiga duch kelishgan.
27 iyun kuni 17 yoshli “Mercedes-Benz” haydovchisining talablarni bajarmagani uchun politsiya tomonidan o‘ldirilishi Nanterda ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Tartibsizliklar keyinchalik Dijon, Lill, Lion, Marsel, Strasburg va Tuluza kabi yirik shaharlarda yoyilib ketdi. 29-iyunga o‘tar kechasi bir necha o‘nta politsiya mashinasi yoqib yuborildi, komissariatlar, ma’muriy organlar binolariga o‘t qo‘yildi. Ta’lim muassasalariga ham shikast yetkazilgan.
30 iyunga o‘tar kechasi IIV davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming nafar politsiya xodimini jalb qilgan. Shaharlarning ayrim ko‘chalarida maxsus xizmat otradlari paydo bo‘lgan, zirhli texnika va vertolotlardan foydalanilmoqda.