TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-iyuldan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi.
Nikohdan o‘tuvchi shaxslar uchun molekulyar-genetik test
Nikohdan o‘tuvchi shaxslar o‘z hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan o‘tkaziladi.
Bunda, spinal mushak atrofiyasining gen tashuvchiligi tasdiqlangan nikohlanuvchi shaxslarning ma’lumotlari Yagona milliy registrga kiritib boriladi.
Poytaxtda davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etiladi
Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etiladi. Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish elektron shaklda amalga oshiriladi.
Ayrim turdagi dorilar sertifikatlashtirilmaydi
1 iyuldan referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori bo‘lgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanadi.
Ayrim tadbirkorlar ishchilarining daromad solig‘i qaytarib beriladi
2024 yil 1-iyulgacha issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinganda tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:
har bir 5 sotix yer maydoni uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligini ta’minlash;
har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan (980 ming so‘m) miqdorda belgilash;
issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari tanlov asosida tayinlanadi
Davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
Davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan meyordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.
Ayrim tezkor-qidiruv eskpress tekshirish o‘sha joyning o‘zida qo‘llaniladi
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar quyidagi holatlarda:
giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatni qayd etishda aniqlangan modda (buyum)ning giyohvand vositasiga taalluqli ekanligiga shubha paydo bo‘lganda;
aniqlangan modda (buyum)ni giyohvandlik vositalarining qaysi turiga mansubligi bo‘yicha savol tug‘ilganda;
giyohvandlik vositalarining yangi turlari aniqlanganda;
tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda aniqlangan valyuta namunasi qalbaki ekanligiga shubha paydo bo‘lganida;
tezkor-qidiruv tadbirlari davomiyligini ta’minlash zarurati yuzaga kelganda, tezkorlikni amalga oshirish hamda tegishli vaqtni tejash maqsadida mazkur modda (buyum) yoki valyuta namunalarini ular aniqlangan joyning o‘zida yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ekspress tekshirish texnik vositalari yordamida tekshiradi.
Yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar “Shaffof qurilish” tizimi orqali tuziladi
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali tuziladi.
Ayrim vino mahsulotlariga aksiz markasi yopishtirilmaydi
1 iyuldan ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi.
Nodavlat futbol muassasalariga futbol assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lish talabi qo‘yiladi
Nodavlat futbol muassasalari uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lishi talabi o‘rnatiladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan nodavlat futbol muassasalarining reytingi yuritiladi.
“Yashil energiya” sertifikatini berish boshlanadi
Elektrning qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi “O‘zbekgidroenergo” AJdagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun joriy etiladi.
Davlat organlari AKT xodimlarining malakasi oshiriladi
Davlat organlarining AKT sohasiga mas’ul xodimlarining 3-yilda bir marta malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
“Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi
Shuningdek, chiqindi poligonlarini xususiylashtirish taqiqlanadi. “Chiqindilarni ommaviy yig‘ish” (O‘zPlogging) umummilliy harakati tashkil etiladi. Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da’vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
Ayrim normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi
Jahon savdo tashkiloti qoida va meyorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
Hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kuryerlik xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
Hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo‘natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.
Davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun faqat Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etiladi.
O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirligi stipendiyasi joriy etiladi
Bunda stipendiya miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanadi. Mazkur stipendiya tayinlangan sportchilarga prezidentning tegishli qarorida belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.