Ukrainada uzoq davom etadigan mojaroga tayyorgarlik ko‘rish kerak – Shols

Germaniya kansleri: YeI sammitda uzoq davom etadigan mojaro fonida Kiyevga yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qiladi
Sputnik
TOShKENT, 29-iyun – Sputnik. Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa Ittifoqi sammitida ehtimoliy uzoq davom etadigan mojaro sabab Kiyevga yordam ajratish masalalari muhokama qilinishini ma’lum qildi.

“Kelajakda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni qanday tashkil etishimizni muhokama qilish uchun asos bor. Bu ham muhim, chunki biz bu (Ukrainadagi mojaro - tahr.) uzoq davom etishi mumkinligiga moslashishimiz kerak”, - deydi kansler Brusseldagi davlat rahbarlarining uchrashuvi arafasida. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.

Sholsning aytishicha, “moliyaviy va gumanitar yordamga kelsak, biz uzoq vaqt chidab berishga tayyormiz” degan kelishuvga erishish kerak.
Biroz ilgari "Financial Times" YeI Ukrainaga “kelajakda xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlarni” taklif qilishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi. Tegishli hujjat blok yetakchilarining payshanba kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvidan so‘ng e’lon qilinishi kutilmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kiyevni NATOga jalb qilish mojaroning keskinlashishiga olib kelishidan ogohlantirgan. Rossiya TIV Ukrainadagi mojaro bo‘yicha muzokaralar jarayonining Kiyev rejimi tomonidan rad etilishi uchun javobgarlik to‘liq uning g‘arblik kuratorlari zimmasida ekanini alohida ta’kidlagan.